“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

Pillachilikdagi bugungi kunning dolzarb masalalariga doir tavsiyalar

2023-04-14 15:52:04

 

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati tomonidan Respublikamiz hududiga 17, 18 va 19-aprel kunlari sovuq oqim kirib kelishi bo‘yicha maʼlumot taqdim etilmoqda. Harorat 5-6 gradusga, hattoki, ayrim hududlarda 0 gradusgacha pasayishi bashorat qilinmoqda. 

 

Hozirda Respublikamiz pillakorlari tomonidan hududlarda inkubatoriyaga qo‘yilgan vaqtlar turli muddatda bo‘lganligi sababli, ipak qurtlari 1-3 yoshlarda parvarish qilinmoqda. Havo haroratining to‘satdan o‘simliklar vegetatsiya davrida bunday sovishi xonadonlarda va qurtxonalarda ipak qurtlarini parvarishlash jarayoniga stressli vaziyat sifatida taʼsir qiladi. Haroratning pasayishi qurtlar bargni yaxshi ishtaha bilan yemasligiga olib kelib, ularning biologik ko‘rsatkichlariga salbiy taʼsir etadi. Maʼlum darajada yaʼni ipak qurtlarining sovuq havoda qarovsiz qoldirilishi natijasida, birinchidan, hayotchanligi pasayadi va pillada ipakni kam sintez bo‘lishiga olib keladi, ikkinchidan, kasallikka tez chalinuvchanlik darajasini ortishiga sabab bo‘ladi, uchinchidan, qurtlardan asta sekin sariq kasalligi avj ola boshlaydi va oxir oqibat pilla hosiliga jiddiy zarar yetadi. 

 

Shuning uchun, hozirda ipak qurtlari parvarishlanayotgan xonalar unchalik katta maydonlarni olmasligini hisobga olgan holda, doimiy ravishda nazorat qilinishi va isitish uskunalari bilan jihozlanishi talab etiladi. Qurt boqish joylarida havo haroratini qurtlarning kichik 1, 2 va 3 yoshlarida +26+27 gradusdan pasaytirmaslik zarur. Shuningdek, qurtlar isteʼmol qiladigan tut barglarini zinhor nam holatda berishdan saqlanish hamda zarur miqdorda plyonka ostida saqlab ipak qurtlari isteʼmoliga tayyorlash lozim. 

 

Bundan tashqari tutzorlarda barglarni sovuq urishini oldini olish va rivojlanishini to‘xtab qolmasligi uchun tut qator oralarini o‘g‘itlab qondirib sug‘orish tavsiya etiladi. Shu tavsiyalarga amal qilingan holatlarda qurtlarni bosh sonini saqlab qolinishiga va ularning nobud bo‘lishi, kasallikka chalinishining oldi olinishiga erishiladi. Ushbu masalalarni barcha pillakorlarga to‘g‘ri va o‘z vaqtida yetkazish uchun pillachi agronomlarni to‘liq kuch bilan safarbar etish tavsiya etiladi.