Toshkent Davlat Agrar universitetida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Z.Mahkamova boshchiligida, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi raisi I.Ergashev, Toshkent davlat agrar universiteti rektori v.v.b S.Islomov hamda bir qator professor va olimlar ishtirokida Respublika ipakchilik tarmog'iga mutaxassis kadrlar yetkazib berish masalalari va ilmni amaliyotga tadbiq etish yuzasidan ilmiy uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda Oliy ta'lim vazirligi mutasaddi xodimlari hamda Agrar universiteti professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar. Kun tartibining asosiy mavzusi oliy o'quv yurtlari tomonidan ipakchilik tarmog'iga mutaxassis kadrlarni yetkazib berilishi va buning natijasida sohadagi bir qator kamchiliklar, xususan, ipak qurtining inkubatoriyada jonlanishi va undan keyingi bosqichlarda to'g'ri parvarish etilishiga e'tibor berilishi etib belgilandi va muhokama qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida har bir viloyatda ipak qurti urug'lari sifat ko'rsatkichini belgilab beruvchi laboratoriyalar tashkil etish topshirig'i berilgan edi. Bugungi uchrashuvda ham ayni laboratoriyalar uchun mutaxassis kadrlar zarur ekanligi, shu yo'nalishda tahsil olayotgan talaba yoshlarni o'qish sharoitlarini yaxshilash, talabalar turar joylarida kun tartibini nazorat qilish, alohida e'tibor berilishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Toshkent davlat agrar universiteti Ipakchilik va tutchilik kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan sohani rivojlantirish bo'yicha bir qator takliflar tinglandi.
"Oʻzbekipaksanoat" uyushmasi axborot xizmati