“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

PILLACHILIKDA YANGICHA ISH USLUBI JORIY ETILMOQDA 

2024-05-14 08:50:31

 

 Davlatimiz rahbarining “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida, Toshkent viloyatida ham ishlarni yangicha yoʻlga qoʻyish, bunda xotin-qizlar bandligini taʼminlashga urgʻu qaratish borasida jadal ish olib borilmoqda.

 

Bugun Toshkent viloyatida bu boradagi ishlarning borishi va oldinda turgan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida oʻtgan yigʻilishda pillachilikda Vetnam tajribasini ommalashtirish borasida gap bordi.

 

Xususan, Vetnam tajribasiga ijodiy yondashib, yangicha ish tashkil qilish, yaʼni “Markazlashgan pillaxona” uslubini joriy etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi. Jumladan, Piskent, Boʻka, Chinoz tumanlarida ishlar boshlab yuborilgani qayd etildi. Bunda bir paytning oʻzida 400 qutigacha pilla boqsa boʻladigan markazlashgan pillaxonalar Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda. 


Eslatib oʻtamiz, mart oyida viloyat hokimining oʻrinbosarlari Botir Alimbekov, Zuhra Mirgʻoziyeva boshchiligidagi delegatsiya Vetnamda boʻlib, pilla yetishtirish boʻyicha tajribani oʻrganib qaytgan edi. Pillachilik serdaromad soha hisoblanadi. Markazlashgan pillaxonalarning tashkil qilinishi yiliga 5-martagacha ipak qurti boqish imkoniyatini beradi va tegishli hududlarning iqtisodiy salohiyatiga sezilarli ulush qoʻshadi, ayni paytda, bu xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida ham ijobiy samara berishi kutilmoqda. 


Maʼlumot oʻrnida, bugun viloyatda 31 ming 746 quti pilla tarqatilgan va sohada qariyb 90 ming nafar aholi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda. 

 

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayho Mahkamova ishtirok etdi. 

 

"O'zbekipaksanoat" uyushmasi axborot xizmati