“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

Kitob tumanida ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi

2022-03-29 16:54:32

Kitob tumanida ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimida, olis Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida loyiha qiymati 2 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi yangi korxona ishga tushirildi.

Kelajakda butun Qashqadaryo viloyatini ipak qurti urug‘i bilan to‘liq ta'minlashi ko‘zda tutilgan yirik loyiha – “Kitob silkworm eggs breeding” MChJ sanoatbop ipak qurti urug‘i ishlab chiqaradi.

Korxonada tumanning 30 nafar aholisi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana 1 500 nafar aholi vakili mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Shu kunlarda ipak qurti parvarishining uchinchi mavsumida pilla yetishtirilib, urug‘ tayyorlash jarayonlari boshlab yuborilgan.

2022 yil pilla yetishtirish mavsumlari uchun 15 000 quti sifatli ipak qurti urug‘i tayyorlash reja qilingan bo‘lib, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich oshirib boriladi. O‘z navbatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy aholi vakillari jalb etiladi.

Bino-inshootlarni barpo etish va infrastrukturani rivojlantirish uchun 310 ming AQSh dollari sarflandi. Shuningdek, xorijdan 350 ming AQSh dollariga ipak qurti urug‘ini tahlil qilish laboratoriyasi uskunalari, 300 ming AQSh dollariga ipak qurti urug‘ini qadoqlash uskunasi (2 komplekt), 300 ming AQSh dollariga pillalarni jinslarga ajratish uskunasi (6 dona) va 220 ming AQSh dollariga ipak qurti urug‘larini saqlash uchun 4 dona maxsus sovutgichlar keltirildi.

Bundan tashqari xodimlar faoliyati uchun maxsus dastgoh va yordamchi uskunalar ham o‘rnatildi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi
Matbuot xizmati