“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

Iqtisodchi Y.Yusupov tomonidan yozilgan “O‘zbekistonda ipakchilik: samarasiz byurokratik boshqaruv saqlanib qolmoqda” nomli maqolasiga raddiya

2023-03-30 05:15:04

 

 

FAKT BU - FAKT

 

Bugungi kunda pillachilik sohasi qishloq aholisi uchun serdaromad sohalardan biriga aylanib ulgurdi. Misol uchun, bir quti ipak qurtini parvarishlagan pillakor 1 oyda 2 mln so‘mdan ortiq daromad topmoqda.

 

Pillani qayta ishlovchi korxonalarning birortasi so‘nggi 5 yilda zarar ko‘rib ishlamagan, aksincha bu korxonalarning barchasi foyda bilan ishlab, rentabellik ko‘rsatkichi 18-26 foizni tashkil etadi. Tarmoqda zarar ko‘rib ishlovchi va norentabel yoki nolikvid korxonaning o‘zi yo‘q.

 

Maqolada qayd etilganidek, ipak mahsulotlari ishlab chiqarish norentabel bo‘lganida, korxonalar bankrot bo‘lishi va hozirda birorta korxona ishlamasligi tabiiy bo‘lardi.

 

2017-yildan Respublikada asosiy eʼtibor sifatli pilla yetishtirish va tayyorlash, uni dastlabki qayta ishlash, xom ipak va ipak kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishni tashkil etish, pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil yuritish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni pillachilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, ularni o‘qitish va malakasini oshirishga qaratildi.

 

2016-yilda Respublika bo‘yicha 19 ta pillani qayta ishlash korxonalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib korxonalar soni 75 tani tashkil qilmoqda. Ipak mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari 150 mln so‘mdan 2 trln so‘mga yetkazildi (joriy yilda 3,1 trln so‘m).

 

Eksport hajmlari 96,2 mln dollarga yetkazildi (2017-yilga nisbatan 3,1 baravar ko‘p). Eksport qilingan mahsulotlarning 57 foizi (54,4 mln doll) ipak matolar hissasiga to‘g‘ri keladi (Bojxona qo‘mitasining elektron eksport bazasida xam bu o‘z aksini topgan). Shu bilan birga, 2022-yilning o‘zida 713,2 mlrd so‘m mablag‘ pilla yetishtiruvchilarga yetishtirilgan pilla xomashyosi uchun pillachilik klasterlari tomonidan berildi, joriy yilda esa 1,1 trln so‘m pillachilik klasterlarining o‘z mablag‘lari hisobidan beriladi. Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

 

Bugungi kunda sohada majburiy mehnat mavjud emas. Ushbu bo‘yicha 2023-yilning 25-yanvar kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSH Mehnat vazirligining vakillari tomonidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham alohida eʼtirof etildi.

 

Haqiqatdan ham 2017-yildan boshlab sohani rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor tubdan o‘zgargan va shu kunga qadar bu borada 10 dan ortiq Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilingan. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ipak qurti urug‘ini yetishtirishdan boshlab, xom ipak ishlab chiqarish, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksportga chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oluvchi pillachilik klasterlarini tashkil qilishga, ularga soliq va bojxona imtiyozlari va boshqa yengilliklar berishga, pila xomashyosini yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarni qo‘llab-quvvatlashga, sohada ishlab chiqarish hajmlarini va eksport salohiyatini oshirishga, aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan.

 

Pilla tayyorlash bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan berilgan takliflar va tumanlardagi mavjud ipak qurti ozuqa bazasi asosida ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan tirik pillani xarid qilish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyaviy narx sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun majburiy xarakterga ega emas. 

 

Maqolada Davlatning roli” bo‘limidagi 4 xatboshida keltirilgan maʼlumot mutlaqo asossiz.

 

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2856-son qaroriga ko‘ra, pillachilik tarmog‘i tashkilotlarining Uyushmani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan va muassislarning 2017-yil 31-martdagi 1-son umumiy yig‘ilishi bayoni qaroriga muvofiq Uyushma taʼsis etilgan.

 

Ikkinchidan, Uyushma muassislar va aʼzolarning pillachilik va ipak sanoati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda rivojlantirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, mazkur ustavda belgilangan maqsad va vazifalarga erishish uchun taʼsis etilgan yuridik shaxslarning ixtiyoriy birlashmasi – notijorat tashkiloti bo‘lib hisoblanadi.

 

Yaʼni, Uyushma o‘z tarkibidagi korxonalarni maʼmuriy boshqarish huquqi va vakolatlariga ega emas.

 

Uchinchidan, Uyushma aʼzolari ixtiyoriy ravishda unga aʼzo bo‘lish yoki aʼzolikdan chiqish huquqiga ega. Uyushmaga aʼzo bo‘lishga yoki aʼzolikdan chiqishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

To‘rtinchidan, Uyushma davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridan to‘liq mustaqil holda faoliyat olib boradi. Yaʼni, Uyushma davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Xuddi shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari Uyushma majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

 

Beshinchidan, Uyushmada, shu jumladan Uyushma aʼzolarida ham davlat ulushi umuman mavjud emas va ular davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi. Uyushma faoliyati o‘z tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘tkazib beriladigan har oylik aʼzolik ajratmalari hisobiga moliyalashtiriladi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar Uyushma ustavida qatʼiy belgilab qo‘yilgan.

 

Taʼkidlash lozimki, amaliyotda mahalliy hokimliklar tomonidan pilla yetishtirish borasida fermer xo‘jaliklari yoki boshqa subyektlarga nisbatan maʼmuriy bosimlar mavjud emas. Maqolada ham bu borada aniq misollar keltirilmagan. Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xom ipak yetishtirish erkin shartnomaviy munosabatlar va ixtiyoriylik asosida (davlat ehtiyoji uchun emas) tashkil etiladi. Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa tadbirkorlik subyektlari zimmasiga bu borada biron-bir majburiyat yuklatilmagan.

 

Mahalliy hokimiyat organlari esa sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarga pilla mavsumlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida amaliy yordam ko‘rsatishi mumkin.

 

Huddi shu bo‘limning yettinchi xatboshisida keltirilgan maʼlumotlar ham asossizdir. Chunki, pillachilik klasterlari qatʼiy ravishda tadbirkorlik subyekti hisoblanadi va davlat organining qarori asosida emas, balki muassis yoki muassislar tomonidan tashkil etiladi. Qonunchilikka ko‘ra, pillachilik klasterlari faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday hollar javobgarlikni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, yuqorida taʼkidlab o‘tilganidek, pillachilik korxonalari (klasterlari)ning “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga aʼzo bo‘lishlari mutlaqo ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, pillachilik korxonalari (klasterlari) ipakchilik sohasini boshqaruv tizimida ishtirok etmaydi.

 

Pillachilik klasterlari, qurt boquvchi kasanachilar hamda fermer xo‘jaliklari bilan ixtiyoriy ravishda pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzadi.

 

Fermer xo‘jaliklari pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzganidan keyin ipak qurti boquvchi kasanachilar bilan ichki mehnat shartnomasi tuzib, pilla yetishtiriladi.

 

Mazkur shartnomalar mehnat layoqatiga ega bo‘lgan shaxslar bilan ikki taraflarning kelishuvi asosida imzolanib, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga zid bo‘lmagan tartibda tuziladi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarining ipak qurt parvarishlash rejalari fermer xo‘jaliklarining o‘zi bilan ularning ipak qurtini parvarishlash imkoniyatlaridan kelib chiqib, dala chetlaridagi mavjud tutlarni inobatga olib, ikki tomonlama kelishilgan holda erkin shartnoma tuzish bilan amalga oshiriladi.

 

Yusupov maqolasining “Fermerlar roli” nomli bo‘limining 5 xatboshida keltirilgan malumot asossiz bo‘lib, Respublikada boqilayotgan ipak qurti miqdoridan ortiqcha ravishdagi mavjud yakka qator tut daraxtlari va tutzorlar borligini taʼkidlash joiz. Bunga oddiygina misol keltiramiz. Bahorgi mavsum o‘tganidan so‘ng, dala chetlaridagi tutlar va tutzorlardagi navsiz qolib ketgan tut barglari har yili kelgusi yil yaxshi hosil berishi uchun qo‘shimcha ish kuchi jalb qilinib kesib chiqilmoqda. Shu bilan birgalikda ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish uchun har yili hududlarda tut ko‘chatlari ekib kelinmoqda. Xususan, 2021-yilda 120,3 mln tup, 2022-yilda 122,8 mln tup tut ko‘chatlari ekildi hamda 2023-yilda 123,8 mln tup ekish rejalashtirilgan. Bu ko‘chatlarning har yili bir qismi hosil berib, pilla boqish uchun foydalanilmoqda.

 

Shu bo‘limining 6 kichik bandida pora berib ipak qurti boqishdan ozod bo‘lish mumkinligi aytilgan

 

Birinchidan, maqolada keltirilgan holat bo‘yicha Uyushmada biror-bir maʼlumotlar mavjud emas.

 

Ikkinchidan, maqola muallifi holat yuzasidan aniq faktlarni keltirmasdan (qayerda, qachon, qaysi hokim o‘rinbosari, qaysi fermer xo‘jaligi) umumiy gaplar bilan cheklangan holos.

 

Agarda maqola muallifi ushbu bo‘yicha aniq maʼlumotlarni taqdim etsa, ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish taʼminlanadi.

 

2022-yilda qurt boquvchi kasanachilar va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan 24,2 ming tonna pilla hosili uchun pillachilik klasterlari hisobidan 593 mlrd. so‘m, respublika byudjetidan ajratilgan subsidiya hisobidan 120,2 mlrd. so‘m, jami 713,2 mlrd. so‘m pul mablag‘lag‘lari ajratib berilgan (aholiga yetishtirilgan pilla hosili uchun berilgan).

 

Pilla yetishtirish bilan asosan aholining ishsiz qatlami shug‘ullanadi. Shuni taʼkidlash joizki, pilla yetishtirish qishloq aholisining asosiy daromad manbalaridan biriga aylanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4047-son qaroriga muvofiq fermer xo‘jaliklari tomonidan pilla hosili uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdorlardan ortiqcha pilla topshirilganida, 5 kilogrammgacha ortiqcha pilla hosili xarid narxiga nisbatan 15 foiz, 5 kilogrammdan yuqori bo‘lgan qismiga 25 foiz miqdorida ustama haq to‘lash tizimi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

 

(Maʼlumot uchun: shartnoma bo‘yicha – 1 quti ipak qurti parvarishlab, 55 kilogramm pilla hosili rejalashtirilgan bo‘lib, amalda – 70 kilogramm pilla hosili yetishtirigan qurt boquvchilar, 55 kilogramm pilla uchun 1 358 500 so‘m, (1 kilogramm tirik pillaning o‘rtacha xarid narxi 24 700 so‘m hisobida), qo‘shimcha yetishtirilgan 5 kilogramm pilla uchun 142 025 so‘m, qo‘shimcha yetishtirilgan 10 kilogramm pilla uchun 308 750 so‘m, 1 quti qurt hisobidan yetishtirilgan tirik pilla uchun (xarid narx bo‘yicha) jami 1 809 275 so‘m hamda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya hisobidan 350 000 so‘m hammasi bo‘lib jami 2 159 275 so‘m miqdorda daromad qilishgan.)

 

Muallif tomonidan taʼkidlangan pilla pulini kechiktirayotgan baʼzi bir, sanoqli ravishdagi fermer xo‘jaliklar ham mavjudligini inkor qilmaymiz. Unday fermer xo‘jaliklarini masʼuliyatsiz, tadbirkorlik ko‘nikmasi yo‘q fermer xo‘jaliklari sifatida baholash zarur deb hisoblaymiz. Sababi bu xildagi ikkinchi toifa fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jalik yerlaridan nomigagina foydalanib, boshqa yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. O‘rganilsa, qo‘shimcha daromadi yerdan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidan emasligi namoyon bo‘ladi. Bu xildagi fermer xo‘jaliklari nomigagina shartnoma tuzib, ipak qurtlarini parvarishlashda jonbozlik ko‘rsatmaydi, olingan avans pullarini va yakuniy hisob-kitobdagi mablag‘larni kasanachilariga, oilaviy zvenolariga bermaydi. Kasanachilar va oilaviy zvenolari bilan g‘alladan olingan somon, paxtadan olingan g‘o‘zapoya bilan hisob-kitob qilishga harakat qiladi. Bu haqli ravishda, keyingi yilda bunday toifadagi fermer xo‘jaliklari kasanachilarida, oilaviy zveno vakillarida norozilik va ipak qurti boqmaslik kayfiyatini tug‘diradi. Bunday fermer xo‘jaliklari bilan yuz berayotgan bir-ikkita holatlar mavjudligi muallifning barcha fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida fikr yuritishiga asos bo‘lmasligi lozimligini taʼkidlash joiz.

 

Bundan tashqari, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasida mazkur masala bo‘yicha tezkor shtab mavjud bo‘lib, ushbu shtab doimiy ravishda faoliyat yuritmoqda. Shtabga kelib tushgan murojaatlar bir kun muddatda tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘rib kelinmoqda.

 

Keyingi yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshchiligida bevosita xorijdan yuqori sifatli ipak qurti urug‘lari keltirilmoqda. Shuningdek, mahalliy urug‘ ishlab chiqaruvchi korxonalarda hosildor ipak qurti zotlaridan urug‘ tayyorlanmoqda. Bu esa qurt boquvchilarda 1 qutidan kutilganidan ko‘proq hosil olish imkonini bermoqda (1 qutidan 70-75 kilogrammgacha). Fermer xo‘jaliklari shartnomada ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha yetishtirgan pilla xomashyosini hoxlagan isteʼmolchiga erkin sotishi mumkin. Shuni hisobiga ular erkin bozorda mahsulotini sotib tegishlicha tartibda yuqori daromad olmoqda.

 

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligining hoxishiga ko‘ra yuqorida taʼkidlangandek PQ-4047-sonli qarorga muvofiq shartnoma imzolagan pillachilik klasteri tomonidan shartnomalarda belgilangan miqdorlardan ortiqcha pilla topshirilganida, 5 kilogrammgacha ortiqcha pilla hosili xarid narxiga nisbatan 15 foiz, 5 kilogrammdan yuqori bo‘lgan qismiga 25 foiz miqdorida ustama haq to‘lanishi belgilangan.

 

Yuqorida taʼkidlanganidek, baʼzi bir sanoqli ravishdagi fermer xo‘jaliklari ham mavjud albatta. Unday fermer xo‘jaliklarini masʼuliyatsiz, tadbirkorlik ko‘nikmasi yo‘q fermer xo‘jaliklari sifatida baholash zarur deb hisoblaymiz. Ushbu turdagi fermer xo‘jaliklari pillachilik klasteri bilan shartnoma imzolashiga qaramasdan, shartnoma majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga olmaydi hamda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashadi. Natijada shartnoma shartlarini bajarishning turli xil noqonuniy yo‘llarini ahtarib, qonunga muvofiq bo‘lmagan holatlarni ham yuzaga keltiradi. Lekin bunday holatlar kamdan-kam uchrab, hozirgi paytda pillaning xarid bahosi klasterlar tomonidan yuqori belgilanayotganligi sababli o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lmoqda.

 

Maqoladagi Fermerlarning roli” bo‘limida fermerlar kasanachilarga moliyaviy bo‘lmagan foyda haqida gapiradi deyilgan. Bunday holatlar amaliyotda uchramaganligini maʼlum qilish o‘rinlidir.

 

Aholi xonadonlari tut novdalarini (ipak qurti parvarishlashdan so‘ng bargi olingan novda) isrof qilmasdan maqsadli foydalanib kelinayotganligi sir emas. Ular baʼzi holatlarda ortiqcha novdalarni qo‘ni-qo‘shnisi va mahalladoshlariga maʼlum bir miqdordagi haq evaziga sotib, qo‘shimcha daromad ham olishlari mumkin.

 

Keyingi yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalarga biriktirilgan tutzorlarda mavjud tutlarni navli tutlar bilan almashtirish, rekonstruksiya qilish evaziga 1 gektar maydonda boqiladigan ipak qurti miqdori 15 qutiga yetkazilishi rejalashtirilgan hamda buning ustida aniq ishlar olib borilmoqda.

 

 Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pilla yetishtirish erkin shartnomaviy munosabatlar va ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi.

 

Hozirgi kunda amaliyotda ham pillachilik agronomlari mahalla faollari bilan kengashgan holda aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamini pillachilik sohasida bandligini taʼminlash bo‘yicha ishlar olib boriladi. Xususan, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan, yaʼni “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni shartnoma asosida pilla yetishtirishga jalb qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu fuqarolarga pilla yetishtirganlik uchun bir qator imtiyozlar, jumladan, daromad solig‘idan ozod qilish hamda bir yillik mehnat stajlari berish kabi imtiyozlar qo‘llanilmoqda.

 

Hozirgi kunda 54,8 ming gektar tutzorlar 64,8 ming nafar aholiga oilaviy pudrat asosida berilgan, ular ushbu tutzorlarda 4 mavsum pilla yetishtirib, shuningdek, tutzorlar orasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib daromad topmoqdalar. Shu bilan birga, Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, 2023-yildan boshlab 105 ming gektar yer maydonlari pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tashkil etish hamda Vyetnam tajribasi asosida ushbu yer maydonlarida tut plantatsiyalari barpo etish va pilla yetishtirish amalga oshiriladi. 

 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi tutzorlar aholiga oilaviy pudrat asosida 0,2 gektardan 3 gektargacha (aholining tutzorni but saqlash imkoniyati va orasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatidan kelib chiqib) taqsimlab berilgan.

 

Kasanachilar - taqsimlab berilgan maydondagi tutlar soni va ulardan olinadigan barg miqdoridan kelib chiqib pilla xomashyosi yetishtirishga shartnoma qiladi.

 

Fermer xo‘jaliklari zvenolari – bular fermer xo‘jaliklari dalasi chetidagi tutlardan foydalangan holda pilla xomashyosi yetishtiradi. Ularni fermer xo‘jaliklari o‘zlari tanlaydi va ichki mehnat shartnomalari asosida pilla xomashyosi yetishtirish amalga oshiriladi.

 

Muallif tomonidan pillachilik klasterlari va hududiy “Agropilla” MCHJlari tomonidan kasanachilarning pilla xomashyosi yetishtirish uchun o‘zlari murojaat qilayotgani tan olingan. Muallif shuningdek, keyingi yillarda topshirilgan pillalar uchun to‘lanayotgan haqning sezilarli darajada bir necha marta ortganligini taʼkidlagan va pilla xomashyosi yetishtirish uchun pullar o‘z vaqtida berilayotganligi evaziga pilla boquvchilar soni ortib borayotganligini ko‘rsatgan.

 

Keyingi yillarda pilla yetishtirish mavsumi boshlanishi bilan pillakorlar murojaat qilmoqda, buyurtma asosida imkoniyatini baholagan holda ipak qurtini olishmoqda, sababi yuqorida taʼkidlanganidek, pilla xomashyosi uchun taklif qilinayotgan baholar klasterlar tomonidan yuqori bo‘layotganligi, sifat darajasiga qarab, bir kg uchun 40 ming so‘mgacha berilayotganligi kasanachilarda pilla yetishtirishga qiziqishni orttirmoqda. Shu bilan birgalikda 54,8 ming gektar mavjud tutzorlar bargidan pilla yetishtirish mavsumlarida foydalanish uchun ko‘p yillik shartnoma asosida kasanachilarga biriktirilgan. Kasanachilar 4 ta mavsumda pilla yetishtirish va yil davomida tutzorlar orasidan yiliga 2-3-martagacha turli qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlash hisobiga daromad olib kelayotganligini taʼkidlab o‘tish lozim.

 

Shuningdek, agar taqqoslanadigan bo‘lsa (bu masala aholi tomonidan doimiy ravishda taʼkidlanmoqda, agar muallif haqiqatdan kasanachilar bilan suhbatlashganda buni bilgan bo‘lar edi) bir xonadon o‘rtacha 2-2,5 quti ipak qurti parvarishlab, bir oy muddatda (ko‘pi bilan 25-27 kun) 150 – 187,5 kg gacha pilla olayapti. Agar muallif taʼkidlaganidek, 24,7 ming so‘mdan xarid qilingan va 5000 so‘m subsidiya taqdim qilingan taqdirda ham olingan daromad o‘rtacha 4,5-5,6 mln so‘m ekanligi namoyon bo‘ladi. Bu boshqa tarmoqlar bilan solishtirilsa, masalan qishloq xo‘jalik ekinlari (3 oydan – 5 oygacha yer band bo‘ladi), chorva mollarini parvarishlash (bir qo‘y yoki qoramolni go‘shtga boqish uchun 3-4 oy ketadi, kamiga yem-xashak xarajati), ish bilan band bo‘lmagan aholi uchun bir oyda boshqa tarmoqda band bo‘lib olingan daromadi va xarajati bilan solishtirganda, sezilarli moddiy xarajatlarsiz daromad olinishini ko‘rish mumkin.

 

“Kasanachilar” bo‘limining 4 xatboshida fermer xo‘jaliklari tomonidan pilla yetishtiruvchi kasanachilarni topish mushkulligi, mahalladoshlarini jalb etish qiyinligi evaziga oila aʼzolari tomonidan pilla yetishtirishga majbur bo‘linayotganligi taʼkidlangan. Bu asossiz fikr bo‘lib, aksariyat, fermer xo‘jaliklari tomonidan, ayniqsa, aholi tig‘iz bo‘lgan, qishloq xo‘jalik maqsadida foydalaniladigan sug‘oriladigan yerlar kam bo‘lgan hududlardagi fermer xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlari atrofida yakka qator tutlarni ko‘paytirish, dalasining bir qismida tutzorlarni barpo etish, mavjudlarini saqlab qolish tendensiyasi kuzatilmoqda. Sababi oddiy fermer xo‘jaliklari birinchidan, pilla xomashyosi yetishtirishdan daromad olishning hisobini olgan, ikkinchidan tutzorlar orasida ham qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirib daromad olish hadisini o‘zlashtirgan. Ular tomonidan kontraktatsiya shartnomalari birinchilardan bo‘lib, o‘z hoxishi bilan tuzilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunday fermer xo‘jaliklari soni yildan-yilga ortib borishi kuzatilmoqda.

 

Muallifning o‘z fantaziyalariga tayangan holda keltirilayotgan vajlari tushunarsiz. Bu fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro insoniy munosabatlar tizimi hisoblanadi. Buni kimdir tomonidan nazorat qilinishi asossizdir.

 

Muallif tomonidan, kasanachi tilidan “ipak qurti parvarishlovchi kasanachilarning bir oy davomida uxlamasdan ishlashi, ertalab soat 4-5 dan barg kesish uchun borish, tinmasdan barg isteʼmol qilinishi” taʼkidlangan. Mazkur taʼkidlar, sohadan umuman xabari bo‘lmagan fuqaroning fikri yoki o‘ylab topilgan fikr ekanligini faktlar bilan asoslaymiz.

 

Ipak qurtlari o‘zining 5-yoshiga yetib, asosiy miqdordagi bargni isteʼmol qiladi. Bu hozirgi kunda ko‘pi bilan 7 kunni, agar yaxshi parvarish kilinganda 5-kunni tashkil etmoqda. Jami bo‘lib, hozirgi kunda ipak qurtining dastaga chiqish muddati jonlangandan so‘ng 22-23 kunni tashkil qilmoqda. Eʼtibor qarating, jarayon bir oyga yetmayapti. Bir quti ipak qurti ko‘pi bilan o‘rtacha 800 kg barg yeyapti. Bir yakka qator tut daraxtidan yoki tutzordagi 7-8 yoshli tut daraxtidan o‘rtacha 15-20 kg gacha barg olinishini hisobga olsak, 40-60 ta tut daraxti novdalarini chopish bilan bir quti ipak qurtini parvarishlash imkoni mavjudligini ko‘ramiz. Bu miqdordagi tut bargini yig‘ish uchun oila aʼzosining ertalab soat 4-5 dan boshlab kun bo‘yi tut novdasini chopishiga ehtiyoj yo‘q. Mazkur hisob-kitoblar oddiy arifmetika bo‘lib, yetuk iqtisodchi bo‘lish zaruratini tug‘dirmaydi. 

 

Pilla boqishda aholi xonadonlari, yashash xonalarida boqilishi sababli noqulaychiliklar tug‘dirayotganligi taʼkidlangan. Afsuski, bu ham aniq fakt emasligini bir necha misollar bilan asoslaymiz.

 

Bugun pilla xomashyosi asosan qishloq joylarda yetishtirilmoqda. Bugungi kunda ipakchilik klasterli tomonidan 5 gektarlik tutzorlar atrofida 50-100 quti parvarishlash imkoniyati bo‘lgan maxsus qurtxonalar barpo etilgan, bu joylarga kasanachilar jalb etilib, barcha sharoitlar asosida parvarishlash amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mahallalardagi, tadbirkorlik subyektlaridan bo‘sh maydonlar olinib, ipak qurti parvarishlash olib borilmoqda.

 

Kuzatishlar hamda mutaxassislarning aholi xonadonlarida bo‘lib, qurt boqish jarayonlarini ko‘rib kelganligidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ipak qurtlari kichik yoshlarida (1-3 yosh) katta hajmdagi maydonga ehtiyoji yo‘q (kichkina suri yoki mahalliy aholi foydalanadigan xon taxta ustiga joy bo‘ladi). Kichik yoshlarida oshxonasi yoki omborxonasida parvarishlanib, katta yoshga o‘tgach katta omborxonalari yoki chorva mollari uchun ajratilgan yem-xashak saqlash joylarida boqilayotganligini taʼkidlash joiz.

 

Barg yetishmasligi sababli, tut barglari sotib olinayotganligi vaj qilingan. Bu juda asossiz bo‘lib, Respublikada boqilayotgan ipak qurti miqdoridan ortiqcha ravishdagi mavjud yakka qator tut daraxtlari va tutzorlar borligini taʼkidlash joiz. Bunga oddiygina fakt keltiramiz. Bahorgi mavsum o‘tganidan so‘ng, dala chetlaridagi tutlar va tutzorlardagi navsiz qolib ketgan tut barglari har yili kelgusi yil yaxshi hosil berishi uchun qo‘shimcha ish kuchi jalb qilinib kesib chiqilmoqda. Shu bilan birgalikda yiliga million-million tup tut ko‘chatlari ekilmoqda. Bu ko‘chatlarning har yili bir qismi hosil berib, pilla boqish uchun foydalanilmoqda.

 

2017-yildan bugungi kunga qadar respublikada pillachilik sohasini jadal rivojlantirish, sohada aholining bandligini taʼminlash va ularning daromadlarini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shaxsan Davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda ham bu o‘z aksini topmoqda. Natijada, sohaning investitsion jozibadorligi ortib, eksport salohiyati yildan-yilga rivojlanmoqda. 6 yil ichida 55 dan ortiq yangi pillachilik klasterlari tashkil etilganligi buning yaqqol isbotidir. Shuningdek, bugungi kunda 1 quti ipak qurti parvarishlagan aholining daromadi 2,1 mln so‘mdan ortmoqda. Buning natijasida respublikada sohada 1 mln nafardan ortiq aholi mavsumiy ish bilan taʼminlanmoqda.

 

Iqtisodiyoti rivojlangan xorijiy davlatlarda ham qishloq xo‘jaligi Davlat tomonidan maʼlum bir darajada tartibga solinadigan va yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun Davlat tomonidan iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladigan tizim hisoblanadi. O‘zbekistonda bugungi kunda yer munosabatlari to‘liq bozor mexanizmiga o‘tkazish bo‘yicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Ajratilgan yer maydonlarini mahalliy hokimiyat tomonidan olib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yildi. Shundan kelib chiqqan holda taʼkidlash lozimki, pillachilik sohasida ham ajratilayotgan yer maydonlari, jumladan, tutzorlar uzoq muddatli foydalanishga ajratilganligini va ular huquqiy mexanizmsiz olib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmayotganligini taʼkidlab o‘tish lozim.

 

Bugungi kunda respublikada 54,8 ming gektar tutzorlar mavjud bo‘lib, ushbu tutzorlar viloyatlardagi “Agropilla” MCHJlar balansiga o‘tkazilgan. “Agropilla” MCHJlar tomonidan shartnomaga asosan uzoq muddatga hududlardagi pillachilik klasterlariga bepul foydalanish uchun berilgan.

 

Tutzorlar pillachilik klasterlari tomonidan jami 64,8 ming nafar aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlab berilgan (yaʼni 64,8 ming nafar aholi yer maydonida ish bilan taʼminlangan).

 

Ushbu tutzorlar orasiga aholi tomonidan har xil turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekiladi va bundan olinadigan daromad ularning o‘zlarida qoldiriladi. Bu esa tutzorlarga biriktirilgan aholi uchun pilla yetishtirishdan tashqari qo‘shimcha daromad hisoblanadi.

 

Tumanda yetishtirilgan pilla xomashyosi esa Davlatga emas o‘sha tumandagi (yoki tumanga biriktirilgan) pillachilik klasteriga shartnomaga asosan topshiriladi va pilla xomashyosi uchun belgilangan narx pilla xomashyosi navlaridan kelib chiqib shartnomada ko‘rsatiladi.

 

1 quti ipak qurti parvarish qilgan pillakor daromadi 2,1 mln so‘mdan ortiq bo‘ladi va bu uchun 1 oy mehnat talab qilinadi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29-martdagi PQ-2856 sonli qaroriga asosan pilla parvarish qilgani uchun pillakorga 1 yillik mehnat staji beriladi.

 

“Xulosa va tavsiyalar” bo‘limidagi 9 xatboshida keltirilgan vajga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2856 sonli qarori bilan izoh berib o‘tish o‘rinlidir. Qarorda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining asosiy vazifalari belgilangan. Bular quyidagilar.

a) ozuqa bazasini takomillashtirish bo‘yicha:

 

tarmoqning ozuqa bazasini mustahkamlash, tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish maqsadida sug‘oriladigan yer maydonlari ajratish bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni taʼminlash;

 

ipak qurti parvarish qilinmaydigan davrlarda pillaxonalar va tutzorlarda ikkilamchi faoliyatni amalga oshirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish;

 

b) ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish, tayyorlash va birlamchi qayta ishlash bo‘yicha:

 

Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga ipak qurtining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish, parvarish qilish va sifatli urug‘ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

 

respublika hududlari bo‘yicha pilla yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilash, pilla tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari bo‘yicha pilla yetishtirish uchun buyurtmalarni joylashtirish;

 

sifatli pilla yetishtirish va tayyorlash, uni dastlabki qayta ishlash, xom ipak va ipak kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishni tashkil etish;

 

v) pillani chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha:

 

ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va uning sifatini yanada yaxshilash, uning eng xaridorgir turlari va dizaynini o‘zlashtirish, tarmoq mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni taʼminlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etishga doir ishlarni samarali tashkil etish;

 

mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish, ipak mahsulotlari narxini shakllantirishning maqbul mexanizmini yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda tayyor ipak mahsulotlari eksporti hajmini oshirish;

 

g) tarmoqni jadal rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha:

 

pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil yuritish hamda ichki va tashqi bozordagi narxlar monitoringini olib borish;

 

normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, imtiyoz va yengilliklar berish, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb qilish orqali Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ko‘maklashish;

 

Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar manfaatlarini ko‘zlab, davlat bojini to‘lamasdan sudga daʼvo arizalari tayyorlash va taqdim etish hamda davlat organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

 

d) qo‘lda to‘qilgan gilamchilikni rivojlantirish bo‘yicha:

 

qo‘lda to‘qilgan gilamlarning ichki va tashqi bozorlarini tizimli tahlil qilish;

 

tadbirkorlik subyektlarini qo‘lda gilam to‘qish kooperatsiyalariga jalb qilish, ularni gilamchilik sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun o‘qitish, shuningdek, bu jarayonga xorijiy mamlakatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish;

 

band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni gilamchilik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, ularni o‘qitish va malakasini oshirish, gilam to‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, joylarda kichik ishlab chiqarish sexlari hamda aholi xonadonlarida gilam to‘qishni tashkil etish orqali ularning bandligini taʼminlashda ko‘maklashish;

 

hududlarda ipak, ipak chiqindilari, jun va paxta aralashmali gilamlar to‘qishni tashkil etish uchun hunarmandlar va tashkilotlarni kerakli miqdorda xomashyo hamda gilam to‘qish dastgohlari va moslamalari bilan taʼminlash choralarini ko‘rish;

 

qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida ipakni qayta ishlash tashkilotlari, chorvachilik xo‘jaliklari va gilamchilik hunarmandlari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

 

gilamchilikka oid seminar, anjuman, yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil qilish, shuningdek, mahalliy gilamchilik tashkilotlari hamda hunarmandlarining xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etishida amaliy yordam ko‘rsatish;

 

xalqaro sifat standartlarini joriy qilish va qo‘lda to‘qilgan gilamchilik mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha yaqindan ko‘maklashish.

 

Shu bo‘limning 10 xatboshiga quyidagicha javob beramiz.

 

Birinchidan, pillachilik klasterlari xususiy tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinayotgan daromad tadbirkorning xususiy daromadi hisoblanadi.

 

Ikkinchidan, tadbirkorlar mahsulotni asosan eksportga yo‘naltirib, erkin bozor bahosi asosida xorijiy xaridorlarga sotib kelmoqda. Narxlar esa xorijiy bozorlarda har yili o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘lib, bozorning ipak mahsulotlariga to‘yinish darajasidan kelib chiqib shakllanadi. Narxni mahalliy eksportyorlar tomonidan nazorat qilinishi mantiqqa ziddir.

 

Uchinchidan, tadbirkor doimiy ravishda o‘z faoliyatini daromad olishga qaratadi. Bozordagi faoliyat esa doimiy ravishda raqobat muhitiga asoslangan. Bugungi kunda “klasterlar faoliyatiga mahalliy hokimiyat va mansabdor shaxslar yordam beryapti” degan fikr umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

 

To‘rtinchidan, pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar pillachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladi va bunga hech qanday davlat tashkilotlari yoki boshqa idoralar aralashmaydi.

 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga bugungi kunda 75 ta pillani qayta ishlash korxonalari hamda 11 ta ipak qurti urug‘chilik korxonalari aʼzo hisoblanadi. Ushbu korxonalar istalgan vaqt Uyushma bilan tuzilgan o‘zaro hamkorlik (aʼzolik) shartnomasini bekor qilib, Uyushma tarkibidan chiqishga haqlidir.

 

Yuqorida taʼkidlanganidek, pillachilik klasterlari qatʼiy ravishda tadbirkorlik subyekti hisoblanadi va davlat organining qarori asosida emas, balki muassis yoki muassislar tomonidan tashkil etiladi. Qonunchilikka ko‘ra, pillachilik klasterlari faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday hollar javobgarlikni yuzaga keltiradi.

 

Shu bilan birga, pillachilik korxonalari (klasterlari)ning “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga aʼzo bo‘lishlari mutlaqo ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.

 

Bo‘limning 12 xatboshiga quyidagicha izoh berish mumkin.

 

Pilla xomashyosi yetishtirish jarayonida barcha moddiy texnik resurslar, shu jumladan ipak qurti urug‘lari, to‘shama qog‘oz, termometr, farmolin, psixrometr kabi inventar jihozlar pillachilik klasterlari tomonidan qurt boquvchilarga bepul yetkazib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida qurt boquvchilarning sarf-xarajatlarini kamaytirib, pilladan ko‘proq daromad olishiga sabab bo‘ladi.

 

Pilla xomashyosini shartnoma asosida yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari zarar ko‘rayotganligi vaji hech qanday iqtisodiy asosga ega emas, bu bo‘yicha yetarli darajada iqtisodiy tahlillar mavjud.

 

Muallifning fermerlarni ipak qurti boqish uchun rozi bo‘lishga majburlash to‘g‘risidagi vaji mutlaqo asossizdir. Bunga javoban, Respublikada bir necha yillardan buyon tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan bog‘liq har qanday tekshirishlar taʼqiqlangan bo‘lib, tadbirkorlarni tekshirish faqatgina biznes-ombudsmanning tegishli ruxsati bilan amalga oshiriladi.

 

So‘ngso‘z o‘rnida shuni taʼkidlash kerakki, bundan 6 yil muqaddam uyushma faoliyati 19 ta pillachilik klasterlari bilan boshlangan bo‘lsa, bugunga kelib mavjud klasterlar soni 75 tani tashkil etmoqda.

 

2017-yilda ipak mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichi 20 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda mazkur qiymat qariyb 5 barobar o‘sgan.

 

Sohada mehnat qilayotgan fuqarolar soni  bugungi kunda 1 million 200 ming nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich O‘zbekiston aholisi soning 0,03 foiziga to‘g‘ri kelmoqda.

 

O‘tgan 6 yil mobaynida sohani rivoji uchun 10 ga yaqin qaror va farmonlar ishlab chiqildi. Mazkur qaror va farmonlarning barchasi Respublika ipakchilik tarmog‘ining yuksalishiga va faqat yuksalishiga xizmat qilmoqda.

 

Joriy yil 23-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida soha zimmasiga yangi vazifalar yuklatildi. Jumladan, aholi yashash joylariga yaqin hududlardan lalmi va yaylov maydonlari o‘zlashtirilib, yangi tut plantatsiyalari hamda yangi pillachilik klasterlari tashkil etish topshirig‘i berildi.

 

Mazkur yer maydonlari 105 ming gektarga teng bo‘lib har bir yangi tashkil bo‘lgan pillachilik klasteriga 1000 gektardan yer ajratilishini hisobga olsak, sohada 105 ta yangi klasterlar paydo bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

 

Bu sohaga nima beradi? Avvalo, bugungi kunda mavjud pillachilik korxonalari soni 75 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, yangi klasterlarning tashkil topishi bilan “O‘zbekipaksanoat” tizim korxonalari 180 taga yetadi.

 

Shuningdek, mazkur sohada mehnat qilayotgan qurt boquvchi kasanachilar, pillani qayta ishlash korxonalarida ishlaydigan xotin-qizlar umuman sohada ish bilan band bo‘lganlar sonini 2 million nafarga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich Raspublikaning boshqa soha tarmoqlarida juda kam uchraydigan raqamlar ekanini eʼtirof etish lozim.

 

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, bugungi kunda 75 ta pillachilik klasterlari qariyb 100 million dollarlik ipak mahsulotlarini eksport qilayotgan bo‘lsa, yangi korxonalarning barpo bo‘lishi bilan bu raqamlar 200 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan ko‘rinadiki soha ildamlamoqda, yangi marralarni zabt etmoqda. 10 yil oldin ipakchilik sohasidagi bugungi natijalar haqida gapirilganda ko‘pchilik istehzoli jilmayishi mahol edi, ammo nima deymiz, fakt bu - fakt.