“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

Bugun “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil topganiga 6 yil to‘ldi

2023-03-29 18:45:19

 

 

Uyushma 2017-yil 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-2856-son qaroriga asosan tashkil etilgan.

 

Qarorda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari sifatida tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlash uchun sug‘oriladigan yer maydonlarini taqdim etish bo‘yicha tegishli mahalliy davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlash, tut plantatsiyalari qoshida va tut oralarida ikkilamchi faoliyatni, jumladan, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish belgilangan. 

 

Shuningdek, sifatli ipak qurti urug‘i va pilla xomashyosi yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish, ipak ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali pillani chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, pillachilik tarmog‘ini rivojlantirishga doir dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, tizimli yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil amalga oshirish, sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Bundan 6 yil muqaddam uyushma faoliyati 19 ta pillachilik klasterlari bilan boshlangan bo‘lsa, bugunga kelib mavjud klasterlar soni 75 tani tashkil etmoqda. 

 

2017-yilda ipak mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichi 20 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda mazkur qiymat qariyb 5 barobar o‘sgan.

 

Sohada mehnat qilayotgan fuqarolar soni  bugungi kunda 1 million 200 ming nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich O‘zbekiston aholisi soning 0,03 foiziga to‘g‘ri kelmoqda.

 

O‘tgan 6 yil mobaynida sohani rivoji uchun 10 ga yaqin qaror va farmonlar ishlab chiqildi. Mazkur qaror va farmonlarning barchasi Respublika ipakchilik tarmog‘ining yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

 

Joriy yil 23-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida soha zimmasiga yangi vazifalar yuklatildi. Jumladan, aholi yashash joylariga yaqin hududlardan lalmi va yaylov maydonlari o‘zlashtirilib, yangi tut plantatsiyalari hamda yangi pillachilik klasterlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.

 

Mazkur yer maydonlari 105 ming gektarga teng bo‘lib har bir yangi tashkil bo‘lgan pillachilik klasteriga 1000 gektardan yer ajratilishini hisobga olsak, sohada 105 ta yangi klasterlar paydo bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

 

Bu sohaga nima beradi? Avvalo, bugungi kunda mavjud klasterlar soni 75 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, yangi klasterlarning tashkil topishi bilan “O‘zbekipaksanoat” tizim klasterlari soni 180 taga yetadi. 

 

Shuningdek, mazkur sohada mehnat qilayotgan kasanachi qurt boquvchilar, pillani qayta ishlash korxonalarida ishlaydigan xotin-qizlar umuman sohada ish bilan band bo‘lganlar sonini 2 million nafarga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, bugungi kunda 75 ta pillachilik klasterlari qariyb 100 million dollarlik ipak mahsulotlarini eksport qilayotgan bo‘lsa, yangi korxonalarning barpo bo‘lishi bilan bu raqamlar 200 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. 

 

Bundan ko‘rinadiki soha ildamlamoqda, yangi marralarni zabt etmoqda. 10 yil oldin ipakchilik sohasidagi bugungi natijalar haqida gapirilganda ko‘pchilik istehzoli jilmayishi mahol edi, ammo nima deymiz, fakt bu - fakt.